So'nggi yangiliklar
6 oylab kutilgan Cobalt endi chegirmada: avtomobil bozori qanday oʻzgardi?

Masalan, ichki bozordagi asosiy oʻyinchi boʻlgan UzAuto Motors'ning savdo siyosatini olaylik. Dastlab, Tracker va Onix kabi modellar xaridorlarga boshlangʻich toʻlov bilan oʻzining narxida nasiyaga berila boshladi. Keyinchalik bunday imkoniyat Damas uchun ham taqdim etildi.
Haqiqiy kulminatsion nuqta kompaniyaning eng talabgir avtomobili – Cobalt'ni ham 50 foizlik boshlangʻich toʻlov bilan 11 oygacha oʻzining narxida xarid qilish imkoniyatining paydo boʻlishi boʻldi.
Bir necha kun oldin esa Captiva'ga 45 mln soʻmgacha, Cobalt'ga 15 mln soʻmgacha chegirma eʼlon qilindi. Bunday oʻzgarishlar 30 yoshni qarshi olayotgan UzAuto Motors'ning oʻzbekistonliklarga azbaroyi saxiyligi uygʻonib ketganidan emas, balki bir qator fundamental omillar taʼsirida yuz beryapti.
Nega mashinalar arzonlayapti?
Birinchidan, bozorda taklif hajmi yildan yilga oshib boryapti. Masalan, 2017-yilda mamlakatda 135 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2025-yilda qariyb 458 mingtani tashkil etdi va 8 yilda 3,4 barobarlik oʻsish kuzatildi. Birgina 2021-yilni hisobga olmasa, ishlab chiqarish har yili sezilarli darajada oshib kelyapti.

Ikkinchidan, avtomobil investitsion aktiv sifatidagi maqomini yoʻqotdi. Ikkilamchi bozorda oʻnlab yillar davomida sogʻlom xalqaro amaliyotga zid anomaliya mavjud edi: salondan chiqqan mashinaning bahosi avtomatik 10-15 foizgacha qimmatlashardi. Shuningdek, 1-2 yil minilgan transportni ham yangi avtomobil narxida sotish mexanizmi ishlab kelgan. Bu holat mashinaga faqat harakatlanish vositasi sifatida emas, balki pulni inflyatsiyadan himoya qiluvchi hamda qisqa muddatda kapitalni koʻpaytiruvchi oʻta ishonchli, yuqori likvidli investitsion aktiv sifatida qaralishiga zamin yaratdi.
Endi bu tendensiya butunlay teskari tomonga oʻzgardi va ikkilamchi bozordagi narxlar pufagi yorildi. Avtomobil salondan chiqishi bilan oʻz qiymatini yoʻqotuvchi oddiy isteʼmol tovariga aylandi.
Tahliliy hisob-kitoblarga koʻra, oxirgi uch yil ichida ikkilamchi bozorda minilgan avtomobillar narxi barqaror ravishda tushib borgan va oʻrtacha pasayish qariyb 30 foizni tashkil etgan.
Uchinchidan, anʼanaviy yoqilgʻi bozorida tizimli xatarlar va narx shoklari kuzatilyapti. Metan narxlarining oshib borayotgani va sovuq kunlarda yuzaga keladigan uzun navbatlar, propan va benzin narxlarining keskin oʻsishi fonida ayrim isteʼmolchilar elektromobil yoki gibrid mashina xarid qilishni afzal koʻryapti.
Bojxona qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2026-yilning yanvar-iyul oylarida Oʻzbekistonga umumiy qiymati 527 mln dollarlik 46 749 dona elektromobil import qilingan va miqdor jihatdan 61 foizlik oʻsish kuzatilgan. Taqqoslash uchun, 2025-yilning mos davrida mamlakatga 28 920 dona elektromobil olib kirilgandi.
Bu davrda bitta elektromobilning oʻrtacha import qiymati 12 389 dollardan 11 277 dollargacha arzonlashgan.
Umuman olganda, Xitoy avtosanoatidagi bum Oʻzbekiston bozoridagi narxlarga ham katta taʼsir oʻtkazyapti.
Toʻrtinchidan, ichki bozorda zaif boʻlsa-da raqobat va tanlov imkoniyati paydo boʻla boshladi. Masalan, 2025 va 2026-yillarning dastlabki 6 oyini taqqoslaganda, BYD sotuvlari 75 foizga, Haval sotuvlari 19 foizga, Cherry sotuvlari 4,4 foizga, Kia sotuvlari 3,5 foizga oshgan.
Yaʼni shartli Tracker olishni reja qilgan isteʼmolchi oldida Kia Sonet yoki BYD Yuan Up tanlovi ham bor.
Beshinchidan, odamlarning xarid qobiliyati mashina narxlariga nisbatan karrasiga tez oʻsdi.
Masalan, 2020-yilda Cobalt'ning 115 mln 390 ming soʻmdan sotilgan pozitsiyasining ayni paytdagi chegirmasiz bahosi –156 mln 100 ming soʻm. Narx koʻtarilishi – 35 foiz.
Rasmiy statistik raqamlarga qaraydigan boʻlsak, bu davrda oʻzbekistonliklarning oʻrtacha ish haqi qariyb 2,8 barobarga oshgan.
Cobalt misolida oladigan boʻlsa, avtomobil narxi 45 oylik oʻrtacha oylik darajasidan 22 oylik oʻrtacha oylik darajasigacha pasaygan.
Xaridor tanlov qilish imkoniyatining kengayishi ishlab chiqaruvchilarni klassik sotuv tizimini qayta koʻrib chiqib, mijoz talablariga moslashishga majbur qilyapti. Isteʼmolchilar endi shunchaki har qanday mavjud mashinani emas, balki narx, sifat, texnik xizmat qulayligi, yoqilgʻi tejamkorligi va xavfsizlik jihatidan raqobatbardosh modellarni qidira boshladi.
Kelajakda bozor qanday oʻzgaradi?
Joriy tendensiyadan kelib chiqsak, keyingi yillarda ham ichki bozorda raqobat kuchayib borishini taxmin qilish mumkin. Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish arafasida turibdi. JSTga qoʻshilish avtomobillar uchun ham boj stavkalarini bosqichma-bosqich kamaytirishni talab etadi. KPMG hisob-kitoblariga koʻra, oʻrtacha import boji 15 foizdan 10,8 foizgacha tushadi. Bu esa yangi avtomobillar narxiga cheklangan miqdorda boʻlsa-da taʼsir koʻrsatadi. Shu bilan birga, eski xorijiy avtomobillar uchun bojxona xarajatlari keskin kamayishi kutilmayapti.
Jahon savdo tashkiloti asosan bojxona tariflarini tartibga soladi. Yaʼni Oʻzbekistonda avtomobil tannarxini sunʼiy oshiruvchi asosiy omillardan biri boʻlgan utilizatsiya yigʻimi JSTning tarif majburiyatlariga kirmaydi. Shuning uchun bu yigʻim saqlanib qolishi va ichki bozorni himoya qilishda davom etishini kutish mumkin.
Oʻz navbatida, butlovchi qismlarni import qilish boʻyicha bojlarning tushishi ayni paytda faoliyat olib borayotgan brendlardan boshqa xorijiy kompaniyalarning ham ichki bozorga kirib kelishini ragʻbatlantirishi mumkin. Umuman olganda, JSTga qoʻshilish qisman boʻlsa-da yaqin kelajak avtomobil narxlarini arzonlashtiruvchi asosiy omillardan biri hisoblanadi.
Shuningdek, “Oʻzbekiston-2030” strategiyasi doirasida yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmini yiliga 1 mln donaga yetkazish vazifasi qoʻyilgan. Tashqi bozorlarda raqobat kuchayib borayotganini hisobga olsak, mashinalarning juda katta qismi ichki bozorda sotilishi kerak boʻladi. Bu esa UzAuto Motors'ni oʻz savdo siyosatini tubdan oʻzgartirishga majbur qilishi mumkin.
Omborlar toʻlib qolmasligi uchun sof foydani qisqartirish evaziga boʻlsa ham savdo hajmini saqlab qolish va oshirishga boʻlgan intilish kuchayadi. Yaʼni hali yanada katta chegirmalar berishga toʻgʻri kelishi mumkin.
XORAZM AVTOTRANSPORT SAVDO BOZORI faoliyatini baholang
Ma'lumotlar jadvali
| « Ноябрь 2026 » | ||||||
|---|---|---|---|---|---|---|
| Пн | Вт | Ср | Чт | Пт | Сб | Вс |
| 1 | ||||||
| 2 | 3 | 4 | 5 | 6 | 7 | 8 |
| 9 | 10 | 11 | 12 | 13 | 14 | 15 |
| 16 | 17 | 18 | 19 | 20 | 21 | 22 |
| 23 | 24 | 25 | 26 | 27 | 28 | 29 |
| 30 | ||||||
Yil dasturi
Ma'lumotlar arxivi
Сентябрь 2026 (7)
Август 2026 (1)
Июль 2026 (1)
Сентябрь 2025 (1)
Октябрь 2024 (1)
Май 2021 (2)
